ANDIJON DAVLAT TEXNIKA INSTITUTIDA INTELLEKTUAL MULKNI HIMOYA QILISH VA RASMIYLASHTIRISHGA BAG‘ISHLANGAN SEMINAR O‘TKAZILDI
-
Author:Matbuot
-
Date:
21-09-2026
-
Count:
 241
2026-yil 21-sentabr kuni Andijon davlat texnika institutida ixtirolar, foydali modellar va mualliflik huquqi obyektlarini rasmiylashtirish hamda huquqiy himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Tadbirni institut Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Otabek Mirzayev ochib berdi. U o‘z nutqida institutda intellektual mulk obyektlarini yaratish, ilmiy ishlanmalarni huquqiy himoyalash va ularni amaliyotga joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi mutaxassislari ishtirok etib, intellektual mulk sohasiga oid muhim ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Xususan, markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Mansurov intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Ixtirolar va foydali modellar bo‘limi boshlig‘i Ikrom Abduqodirov tomonidan “Ixtiro talabnomasiga tavsifni rasmiylashtirish — qurilma, usul” mavzusida ma’ruza qilindi.
Mualliflik huquqi obyektlarini deponentlash hamda EHM uchun dastur va ma’lumotlar bazalari bo‘limi boshlig‘i Jiyenbay Shamshetov esa mualliflik huquqi obyektlarini, jumladan, axborot texnologiyalari sohasidagi ishlanmalarni deponentlash tartibi haqida tushuntirishlar berdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga intellektual mulk obyektlarini to‘g‘ri aniqlash, ixtiroga talabnoma tayyorlash, mualliflik huquqi obyektlarini deponentlash va ilmiy ishlanmalarni huquqiy himoya qilishning amaliy jihatlari batafsil tushuntirildi.
Tadbir yakunida savol-javoblar tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Ilmiy g‘oya — huquqiy himoya — amaliy natija!