Andijon davlat texnika instituti va xitoyning nanjing politexnika instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
-
Author:Matbuot
-
Date:
12-12-2025
-
Count:
 28
Andijon davlat texnika instituti (ADTI) va Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli ta’lim muassasalaridan biri — Nanjing politexnika instituti o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolandi. Ushbu kelishuv ikki tomonlama ilmiy-ta’lim aloqalarini kengaytirish, ilg‘or tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
✅Shuningdek, uchrashuv davomida Nanjing Polytechnic Institute professor-o‘qituvchilarining stajirovka va malaka oshirish dasturlarini kengaytirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish va akademik salohiyatni oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
✅Memorandum shuningdek muhandislik, axborot texnologiyalari, energetika, texnologik xavfsizlik va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro konferensiya va seminarlarni o‘tkazishni ham nazarda tutadi.
✅Mazkur kelishuv Andijon davlat texnika institutining xalqaro maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlashga, talabalar va yosh olimlarning global ilmiy makonga integratsiyasiga xizmat qiladi.
✅Ma'lumot uchun Nanjing politexnika instituti (Nanjing Polytechnic Institute – NPPI) 1958-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning Jiangsu provinsiyasi, Nanjing shahri, Jiangbei New District hududida joylashgan davlat texnik ta’lim muassasasidir. Institut kimyo texnologiyalari, materiallar muhandisligi, avtomatlashtirish, aqlli ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari, elektrtexnika, iqtisod va boshqaruv, arxitektura va dizayn kabi sohalarda amaliy yo‘nalishdagi mutaxassislar tayyorlaydi.
✅NPPI xalqaro ta’limga katta e’tibor qaratib, 27 mamlakatdan 90 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi. 2013-yildan boshlab xorijiy talabalarni qabul qilib, turli texnik yo‘nalishlarda o‘qitadi. Institut zamonaviy laboratoriyalar, ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan o‘quv jarayoni va amaliyotga yo‘naltirilgan texnik ta’lim tizimi bilan ajralib turadi.